Asosiy tarkibga o‘tish

4-bo‘lim

Bolaning ta’lim olishi

Nogironligi bo‘lgan bola ta’lim olish huquqiga ega. Bog‘cha, maktab va ta’lim sharoitlarini tanlashda bolaning ehtiyojlari, qobiliyatlari va sog‘lig‘i holati hisobga olinishi kerak. Ota-onalar bolaning manfaatlaridan kelib chiqib va mutaxassislar tavsiyalarini inobatga olgan holda ta’lim tashkilotini tanlashda ishtirok etadi.

Ta’lim olishning qanday shakllari mavjud?

  • umumta’lim maktabida, jumladan, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar boshqa bolalar bilan birga o‘qiydigan inklyuziv sinfda;
  • uyda — bolaning sog‘lig‘i maktabga qatnashiga to‘sqinlik qilsa va qonunchilikda nazarda tutilgan tibbiy asoslar mavjud bo‘lsa;
  • ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkilotida — tegishli komissiya xulosasi hamda ota-onalar yoki boshqa qonuniy vakillarning roziligi asosida.

Agar bog‘cha yoki maktab tanlayotgan bo‘lsangiz

  1. Tanlagan ta’lim tashkilotingizga yoki hududiy maktabgacha va maktab ta’limi organiga murojaat qiling.
  2. Qabul tartibi, talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati va komissiya xulosasi zarurligini aniqlashtiring.
  3. Bolaga qanday yordam kerakligini tushuntiring. Binoga kirish imkoniyati ta’minlanganmi, o‘qish uchun qanday sharoitlar yaratilgan va psixolog, logoped yoki maxsus pedagog xizmatidan foydalanish mumkinmi, deb so‘rang.
  4. Agar sizga faqat bitta ta’lim shakli (uyda yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotda) taklif etilsa, buning asosini hamda mavjud muqobil variantlarni tushuntirishni so‘rang.

Agar bolani qabul qilish rad etilsa

Rad etish sabablari ko‘rsatilgan yozma javobni so‘rang. Ta’lim tashkiloti rahbariga murojaat qiling. Masala hal etilmasa, hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga yozma yoki elektron murojaat yuboring.

Huquqlaringizni himoya qilish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishda yordam kerakmi?

«Qo‘llab-quvvatlanish huquqi: Bilish. Murojaat qilish. Yordam olish» loyihasi doirasida «Yuksak salohiyat» jamoat birlashmasi nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ayollarga joyiga borib bepul yuridik yordam ko‘rsatadi.

Siz ijtimoiy nafaqalar, tibbiy va ta’lim xizmatlari, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda o‘z huquqlaringizni himoya qilish bo‘yicha maslahat olishingiz mumkin.