Asosiy tarkibga o‘tish

7-bo‘lim

Ayollar salomatligi

Bolaga g‘amxo‘rlik qilish ota-onalarning, ayniqsa onalarning ko‘p vaqtini oladi. Ammo o‘z salomatligingiz ham kam ahamiyatga ega emas va uni keyinga qoldirmaslik kerak. Siz tibbiy yordam olish, profilaktik tekshiruvlardan o‘tish hamda reproduktiv salomatlik masalalari bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish huquqiga egasiz.

Profilaktika: hech qanday bezovtalik bo‘lmasa ham nima qilish kerak?

Oilaviy shifokor va ginekologga muntazam murojaat qilib turing. Tekshiruvlar ro‘yxati yosh, sog‘liq holati va individual xavf omillariga bog‘liq — barcha ayollar uchun yagona ro‘yxat mavjud emas.

Oilani rejalashtirish va kontratsepsiya

Siz oilani rejalashtirish bo‘yicha ishonchli ma’lumot olish va tibbiyot xodimi bilan maslahatlashgach, o‘zingizga mos kontratsepsiya usulini tanlash huquqiga egasiz. Shifokor sog‘lig‘ingiz, qabul qilayotgan dorilaringiz va individual xavf omillarini hisobga olishga yordam beradi.

Agar homiladorlikni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz

Buni shifokor bilan oldindan muhokama qiling. Homiladorlikdan avvalgi maslahat sog‘lig‘ingizni, qabul qilayotgan dorilaringizni va ehtimoliy xavflarni baholashga, zarur bo‘lsa, homilador bo‘lishdan oldin tekshiruvdan o‘tishga yordam beradi.

Maxfiylik

Sog‘lig‘ingiz haqidagi ma’lumotlar shifokorlik siri hisoblanadi. Qonunchilikda bevosita nazarda tutilgan holatlardan tashqari, tibbiyot xodimlari ularni sizning roziligingizsiz oshkor qilmasligi kerak.

Ruhiy farovonlik

Doimiy charchoq, xavotir va hissiy holdan toyish — yordam so‘rash uchun asosdir. Avval oilaviy shifokorga, «Inson» markazi psixologiga yoki o‘zingiz ishonadigan boshqa mutaxassisga murojaat qilishingiz mumkin.

Huquqlaringizni himoya qilish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishda yordam kerakmi?

«Qo‘llab-quvvatlanish huquqi: Bilish. Murojaat qilish. Yordam olish» loyihasi doirasida «Yuksak salohiyat» jamoat birlashmasi nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ayollarga joyiga borib bepul yuridik yordam ko‘rsatadi.

Siz ijtimoiy nafaqalar, tibbiy va ta’lim xizmatlari, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda o‘z huquqlaringizni himoya qilish bo‘yicha maslahat olishingiz mumkin.