Asosiy tarkibga o‘tish

8-bo‘lim

Huquqlaringizni himoya qilish: sizga rad javobi berilsa, nima qilish kerak?

Agar sizga nafaqa, tibbiy yordam, bolani ta’lim tashkilotiga qabul qilish yoki boshqa xizmat ko‘rsatish rad etilgan bo‘lsa, rad etish asoslarini aniqlang. Rad etish har doim ham huquq buzilganini anglatmaydi, ammo uning sabablari tushunarli bo‘lishi kerak.

Qanday harakat qilish kerak:

  1. Rad etish sababini aniqlashtiring. Qaysi shartlar bajarilmaganini, qanday hujjatlar yetishmayotganini va tashkilot qonunchilikning qaysi normalariga tayanayotganini tushuntirishni so‘rang.
  2. Yozma javobni so‘rang. Agar masala og‘zaki hal bo‘lmasa, yozma yoki elektron murojaat yuboring. Sizga qaysi yordam rad etilganini ko‘rsating va rad etish sabablari hamda shikoyat qilish tartibini tushuntirishni so‘rang.
  3. Ariza, hujjatlar, xabarlar va javoblarni saqlang. Murojaat va unga ilova qilingan hujjatlar nusxalarini, murojaat topshirilganini tasdiqlovchi hujjatni, yozishmalarni hamda olingan javoblarni saqlab qo‘ying.
  4. Shikoyat yuboring. Tashkilot rahbariga yoki yuqori turuvchi organga murojaat qiling. Vaziyatni qisqacha bayon qiling, tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qiling va nimani so‘rayotganingizni ko‘rsating: rad javobining asosliligini tekshirish, qarorni qayta ko‘rib chiqish yoki huquqbuzarlikni bartaraf etish.
  5. Yuridik yordam so‘rang. Masala hal etilmasa, yurist huquqlarni himoya qilishning keyingi tartibini, jumladan, sudga murojaat qilish imkoniyatini aniqlashga yordam beradi. «Madad» NNTdan (advice.uz) yoki «Yuksak salohiyat» jamoat birlashmasi yuristidan maslahat olishingiz mumkin.

Agar sizni bir muassasadan boshqasiga yuborishsa

Sizni qayerga, nima sababdan yuborishayotganini va qanday hujjatlar kerakligini yozib oling. Muayyan tashkilot nomi va aloqa ma’lumotlarini ko‘rsatishni so‘rang. Agar masala ijtimoiy yordamga taalluqli bo‘lsa, «Inson» markaziga murojaat qilib, kerakli yordamni olishga ko‘maklashishni so‘rang.

Agar kamsitishga duch kelgan deb hisoblasangiz

Hodisa sanasi, joyi, tafsilotlari va guvohlar bo‘lsa, ularning aloqa ma’lumotlarini yozib oling. Hujjatlar, yozishmalar va olingan javoblarni saqlang. Vaziyatni baholash va shikoyat tayyorlash uchun huquqiy maslahat oling.

Huquqlaringizni himoya qilish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishda yordam kerakmi?

«Qo‘llab-quvvatlanish huquqi: Bilish. Murojaat qilish. Yordam olish» loyihasi doirasida «Yuksak salohiyat» jamoat birlashmasi nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ayollarga joyiga borib bepul yuridik yordam ko‘rsatadi.

Siz ijtimoiy nafaqalar, tibbiy va ta’lim xizmatlari, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda o‘z huquqlaringizni himoya qilish bo‘yicha maslahat olishingiz mumkin.